
Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish operatsiyasida ishtirok etgan AQSh maxsus kuchlari harbiysi amaliyotga pul tikib, $400 ming ishlab olganlikda ayblanib hibsga olindi. U maxfiy ma’lumotlarni o‘g‘irlash va firibgarlik kabi beshta modda bo‘yicha ayblanmoqda. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Katta serjant Gannon Ken Van Dayk Polymarket bashoratlar bozorida Maduroning yanvar oyigacha hokimiyatdan ketishiga taxminan $32 ming tikkan. U bu stavkalarni 27-dekabrdan 2-yanvargacha, ya’ni amaliyot boshlanishidan bir necha soat oldin amalga oshirgan.

Prokurorlarning ta’kidlashicha, Van Dayk yutib olingan $400 mingdan ortiq mablag‘ni onlayn brokerlik hisobiga o‘tkazishdan oldin xorijiy kriptovalyuta hamyoniga yo‘naltirgan. Nyu-Yorkning janubiy okrugi prokurori Jey Kleyton bu holatni qat’iy qoraladi.
«Davlat sirlarini himoya qilish ishonib topshirilgan shaxslar bu ma’lumotlardan shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanmasliklari shart», – dedi u.
Polymarket platformasi maxfiy ma’lumotlar asosida savdo qilgan foydalanuvchini aniqlagach, darhol Adliya vazirligiga (DOJ) xabar berganini ma’lum qildi. AQSh prezidenti Donald Tramp geosiyosiy voqealarga pul tikish tendensiyasi o‘sib borayotganidan xavotir bildirib, bu holatni sportdagi noqonuniy qimor o‘yinlariga qiyosladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Venesuela prezidenti va uning rafiqasi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.