Yangiliklar

Banklarda “Sun’iy intellekt maslahatchisi” platformasi ishga tushiriladi

Tizim tadbirkorlarga loyiha tahlili, risklar va bozor talabini baholashda yordam beradi
O‘zbekistonda sun’iy intellektdan foydalanish qoidalari tasdiqlandi / Foto: LinkedIn
Foto: LinkedIn

Shavkat Mirziyoyev banklarda «Sun’iy intellekt maslahatchisi» platformasini ishga tushirish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda davlat rahbari hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Bu yil kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun banklar orqali 140 trln so‘m ajratilmoqda. Ayrim hududlarda bu kreditlar hisobiga ko‘plab ish o‘rinlari yaratilgan.

Masalan, Shirin shahrida 1 mlrd so‘m kredit evaziga 20 ta ish o‘rni ochilgan. Uchquduqda bu ko‘rsatkich 17 ta, Xonobod va So‘xda 14 tadan bo‘lgan.

Ammo ayrim tumanlarda natija past. Uchko‘prik, Piskent va Bo‘stonliqda 1 mlrd so‘m kreditga atigi 3 ta ish o‘rni to‘g‘ri kelmoqda.

Prezident barcha hududlarda kreditlar samarali loyihalarga yo‘naltirilsa, yana 36 ming ish o‘rni yaratilishi mumkinligini aytdi. Shuningdek, 60 mingga yaqin inson daromadi «soya»dan chiqishi mumkin.

Shu sabab loyiha tanlashda sun’iy intellektdan foydalanish zarurligi qayd etildi. Tuman bankirlarini bu yo‘nalishda o‘qitish sustligi tanqid qilindi.

Mas’ullarga banklarda sun’iy intellekt asosidagi maxsus platformani ishga tushirish topshirildi. Bu tizim tadbirkorlarga loyiha tahlili, risklar va bozor talabini baholashda yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozogʻistonda banklar oʻtkazmalar haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga berishni boshlagani haqida xabar berilgandi. Qozogʻiston Davlat daromadlari qoʻmitasi ma’lumotiga koʻra, aniqlangan tafovutlar asosida fuqarolarga bildirishnomalar yuboriladi. Biroq bu darhol jarima degani emas. Soliq organlari, avvalo, tushuntirish soʻraydi va vaziyatni mustaqil tuzatish imkonini beradi.