
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning birinchi choragi yakunlari hamda kelgusi rejalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Unda sohalar va hududlar kesimida erishilgan iqtisodiy ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.
Birinchi chorak yakuniga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti 8,7 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar ko‘rsatish 16,1 foizga hamda qishloq xo‘jaligi 5,1 foizga o‘sgan. O‘tgan davr mobaynida eksport hajmi $5,8 mlrdni, xorijiy investitsiyalar esa $13,7 mlrdni tashkil qildi. Shuningdek, yillik inflyatsiya darajasi birinchi marta 7,1 foizgacha pasaygani qayd etildi.
Iqtisodiy o‘sish hisobiga yanvar-mart oylarida davlat budjeti daromadlari o‘tgan yilga nisbatan 35 foizga ko‘payib, 103 trln so‘mga yetgan. Mahalliy budjetlarda qo‘shimcha 2,2 trln so‘m mablag‘ shakllangan bo‘lib, uning 1,4 trln so‘mi bevosita tuman va shaharlar ixtiyorida qoldirilgan.

Yig‘ilishda kelasi oydan boshlab $2,4 mlrdlik davlat aktivlarining 30 foizi ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqarilishi ma’lum qilindi.
«Kelasi oy $2,4 mlrdlik davlat aktivlarining 30 foizini ilk bor xalqaro fond bozorlariga chiqaramiz. Bu Milliy investitsiya jamg‘armasini tashkil qilib, 13 ta strategik korxona boshqaruvini nufuzli Franklin Templeton kompaniyasiga berganimiz uchun bo‘lyapti», — dedi davlat rahbari.
Prezident O‘zbekiston joriy yilda nufuzli Iqtisodiy erkinlik indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor iqtisodiyoti mo‘tadil erkin davlatlar qatoridan joy olgani haqida ham aytib o‘tdi.
«Buning uchun qanday qiyin va mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tganimizni bilganlar biladi. Umuman, yil boshidan erishilgan natijalar, ko‘rsatkichlar mehnatimizga yarasha bo‘ldi. Lekin ishlamay quruq oylik olib o‘tirganlar ham ishlaganlar bilan bitta poyezdda ketyapti», — dedi prezident.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilda YIM hajmini 167 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edi.