Avto

Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun kontraktatsiya ochiladi

28-aprel kuni soat 10:00 dan
Chevrolet Cobalt
Foto: Kursiv Uzbekistan

«UzAuto Motors» AJ Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn kontraktatsiya boshlanishini e’lon qildi. Kompaniya ma’lum qilishicha, yuqori talab va ko‘plab murojaatlar sabab barcha komplektatsiyalar uchun shartnomalar ochiladi.

Kontraktatsiya 2026-yil 28-aprel kuni soat 10:00 dan boshlanadi. Mijozlar shartnomani uzavtosavdo.uz sayti orqali onlayn rasmiylashtirishi yoki rasmiy dilerlik markazlariga murojaat qilishi mumkin.

Navbatni kuzatish va mavjud avtomobillar haqida ma’lumot olish uchun Telegram bot hamda mobil ilovadan foydalanish mumkin.

Tuzilgan shartnomalar bo‘yicha to‘lov 7 kun ichida amalga oshirilishi kerak. Shartnomada maxsus QR-kod bo‘lishi shart. Ushbu kod hujjatning haqiqiyligini tasdiqlaydi.

Kompaniya mijozlarni ehtiyot bo‘lishga va faqat QR-kodli shartnomalarga ishonishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Spark avtomobili «raketa»ga aylantirilgani haqida xabar berilgandi. Avtomobil egasining aytishicha, oddiy Spark’da quvvat taxminan 95 ot kuchidan 110 ot kuchigacha oshirilgan. Bunga esa bir nechta o‘zgarishlar sabab bo‘lgan. Xususan, yangi moy filtri, sintetik moy qo‘shilgani aytiladi.