Yangiliklar

Joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirish boshlanadi

19 ta tuman va shaharda ko‘chirish ishlari boshlangan
Hokimliklar uchun yangi ma’muriy binolar qurilishi 2026-yil oxirigacha yakunlanadi
Rasm SI yordamida yaratildi

Prezident tuman markazlaridagi davlat idoralari tarqoq joylashganini tanqid qildi. Qayd etilishicha, markaziy ko‘chalarda joylashgan ko‘plab binolardan samarali foydalanilmayapti.

«Ko‘kdala tajribasi» asosida 19 ta tuman va shaharda davlat idoralarini yagona ma’muriy markazga ko‘chirish ishlari boshlangan. Biroq boshqa hududlarda bu borada tashabbus yetarli emasligi aytildi.

Bu tizim orqali elektr va gaz sarfi sezilarli kamayadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yiliga 1,8 mlrd kVt-soat elektr va 340 mln kub metr gaz tejaladi. Bu ishlarni barcha tumanlarda tashkil qilish orqali biznes uchun 5 million kvadrat metr joy ochish bo‘yicha besh yillik dastur tayyorlash topshirildi. Joriy yil 26 ta tumanda davlat idoralarini bir joyga ko‘chirish boshlanishi shartligi qayd etildi.

Mas’ullarga bu ishlarni barcha hududlarda yo‘lga qo‘yish topshirildi. Yangi ma’muriy markazlarda har bir xodim uchun ajratiladigan maydon 15 kvadrat metrdan oshmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 13 ta tuman hokimiga intizomiy jazo chorasi qo‘llanishi xabar qilingandi. Prezident Qamashi, Qarshi, Mirishkor, Arnasoy, Sharof Rashidov, Yangiobod, Navbahor, Kosonsoy, Qumqo‘rg‘on, Furqat, Shovot, Shayxontohur va Sergeli tumanlari sanoat rejasini bajara olmagani tanqid qildi.