
Lynk & Co yangi 10 va 10+ modellari 2026-yilgi Pekin avtosalonida rasman sotuvga chiqarildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Yangi avtomobillar uchta komplektatsiyada taklif etilmoqda va narxi 209,9 mingdan 259,9 ming yuangacha etadi. Bu taxminan $30,4 mingdan $37,7 minggacha degani.

Yangilangan modellarning asosiy xususiyati 900 voltli elektr arxitekturasi hisoblanadi. Yuqori versiyalarda avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 3 soniya atrofida chiqadi. Tez zaryadlash imkoniyati ham sezilarli darajada yaxshilangan. Tashqi ko‘rinishda brendga xos dizayn saqlab qolingan. Old qismida ajratilgan faralar, qayta ishlangan bamper va LiDAR sensori joylashgan. Yon tomonda yarim yashirin eshik tutqichlari va katta tormoz kaliperi qo‘llangan. 10+ versiyasida 21 dyuymli disklar o‘rnatilgan.

Salon texnologiyaga boy qilib ishlangan. Old panelda raqamli panel, HUD displey va 15,4 dyuymli ekran mavjud. Avtomobil Flyme Auto tizimi bilan ishlaydi. Ichki qismda yuqori sifatli materiallar, massajli o‘rindiqlar va 23 ta karnayli audio tizim taklif etiladi. Texnik jihatdan model orqa yoki to‘liq uzatmali variantlarda mavjud. Eng kuchli versiyada quvvat 900 ot kuchidan oshadi. Batareya sig‘imiga qarab yurish zaxirasi 536 km dan 816 km gacha yetadi.

Shu bilan birga, kompaniya o‘zining ilk GT konsept sportkarini ham namoyish etdi. U futuristik dizayn va sport uslubini uyg‘unlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lynk & Co 7 GT avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.