
22-aprel kuni Nyu-Yorkda O‘zbekiston va Gvineya-Bisau o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Tegishli hujjatni O‘zbekistonning BMTdagi vakili Ulug‘bek Lapasov va Gvineya-Bisau vakili Samba Sane imzoladi.
Tomonlar BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirishga kelishib olindi.
Gvineya-Bisau O‘zbekiston diplomatik aloqalar o‘rnatgan 168-davlat bo‘ldi.
Bundan oldin 19-aprel kuni Antaliyada O‘zbekiston va Ruanda o‘rtasida ham diplomatik aloqalar o‘rnatilgan edi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning ma’lum qilishicha, Ruanda bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma kommyunike Ruanda tashqi ishlar vaziri Olivye Nduhungirehe bilan birgalikda imzolandi.
Saidov bu jarayonni O‘zbekistonning Afrika davlatlari bilan hamkorligini kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi.