Yangiliklar

O‘zbekistonda naslli qoramol va go‘sht importi uchun yangi subsidiyalar joriy etildi

Birinchi chorakda qoramol importi qisqargani sababli tadbirkorlarning transport xarajatlari qisman davlat tomonidan qoplab beriladi
Foto: Depositphotos

Logistikadagi uzilishlar oqibatida O‘zbekistonda joriy yilning birinchi choragida qoramol importi ikki barobarga kamaydi. Bunga yechim sifatida samolyotda tashiladigan har bir naslli qoramol uchun 4 mln so‘mgacha mablag‘ ajratilishi va go‘sht importida transport xarajatining yarmi qoplanishi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Go‘sht ta’minotini barqarorlashtirish maqsadida tadbirkorlar uchun muqobil transport koridorlari ko‘paytiriladi. Rejaga ko‘ra, ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importi ta’minlanishi kerak. Mutasaddilarga yuk tashishdagi to‘siqlarni onlayn monitoring qilish hamda tadbirkorlar murojaatini kutmasdan muammolarni operativ hal etish topshirildi.

Mamlakat hududlarida jami 478 ming gektar maydonda ozuqa ekinlari ekilishi belgilangan. Biroq Namangan viloyatida ozuqa yerining 74 foizi bo‘sh qolgani, shuningdek, Zarbdor, Qiziltepa, Pop, Amudaryo, G‘ijduvon, Xonqa va Bag‘dod tumanlarida ishlar qoniqarsiz ekani qayd etildi. Viloyat hokimlariga ushbu qoloqliklarni zudlik bilan bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida yana 100 ming gektar ekin yeri yangi tizim asosida auksionga chiqarilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, har bir viloyatda kamida 5 tadan yirik sanoatlashgan meva-sabzavot plantatsiyasi tashkil qilinadi hamda bu tashabbusni amalga oshiruvchi tadbirkorlarga maxsus imtiyoz va moliyaviy resurslar taqdim etiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan chorvachilikda sanitariya va epidemiologik xavfsizlik kuchaytirilishi haqida xabar bergan edi.