Yangiliklar

O‘zbekistonning turizm eksporti 1,1 mlrd dollarni tashkil etdi

Yil boshidan buyon mamlakatga qariyb 3 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan
O‘zbekistonning turizm eksporti 1,1 mlrd dollarni tashkil etdi
Foto: Pexels

2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning turizm eksporti $1,1 mlrdni tashkil etdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi hudud va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha birinchi chorak yakunlari tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.

Ma’lum qilinishicha, yil boshidan buyon mamlakatga qariyb 3 mln xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Rasmiylarga ko‘ra, bunday yuqori natijalarga «turistik relokatsiya» omili ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Dunyoda ko‘plab sayyohlar aynan xavfsiz va barqaror yo‘nalishlarni tanlamoqda, O‘zbekiston esa shunday maskanlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, mamlakatda boy tarixiy meros va yangi turistik obyektlar mavjud bo‘lishiga qaramay, har bir sayyoh uchun raqobat kuchaytirilishi zarurligi ta’kidlandi. Mutasaddilarga har bir hududning turistik jozibadorligini oshirish bo‘yicha kompleks takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Bugungi sharoitda rahbarlar ehtimoliy xatarlarni oldindan baholashi va bir nechta ssenariy asosida zaxira rejalar tayyorlashi kerakligi qayd etildi. Viloyat va tuman hokimlariga ishni yangicha tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Endilikda ular qisqa muddatda mutaxassislar, olimlar va startapchilarni jalb qilgan holda mehnat unumdorligi, tannarx, energiya samaradorligi va aholi daromadini oshirish bo‘yicha yangi yechimlar ishlab chiqishi lozim. Shuningdek, bir hafta ichida joriy yil uchun rejalashtirilgan nostandart o‘zgarishlar ommaga e’lon qilinishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri birinchi chorakda yalpi ichki mahsulot 8,7 foizga o‘sgani haqida yozgan edi.