
AQSh Mudofaa vazirligi ichki yozishmalarida NATO ittifoqchilariga nisbatan bosim choralarini qo‘llash variantlari muhokama qilinmoqda. Bu haqda Reuters agentligi manbaga tayanib xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Pentagondagi ichki hujjatda ayrim ittifoqchilar AQShning Eron bilan bog‘liq harbiy amaliyotlarini yetarli darajada qo‘llab-quvvatlamagani uchun jazolash imkoniyatlari ko‘rib chiqilgan. Variantlar orasida Ispaniyani NATO doirasidagi ayrim jarayonlardan chetlatish va Buyuk Britaniyaning Folklend orollariga da’vosi bo‘yicha AQSh pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqish ham bor.
Manbaga ko‘ra, asosiy norozilik ayrim davlatlarning AQShga harbiy bazalar, havo hududi va logistika imkoniyatlarini taqdim etishdan bosh tortgani bilan bog‘liq. Pentagon buni NATO doirasidagi minimal majburiyat sifatida baholamoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp ham ittifoqchilarni tanqid qilib, ular Fors ko‘rfazidagi strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozini ochishda yetarli yordam ko‘rsatmaganini aytgan. U hatto AQShning NATO’dan chiqish ehtimolini ham istisno qilmagan.
Shu bilan birga, ichki hujjatda AQShning NATO’dan chiqishi yoki Yevropadagi harbiy bazalarni yopish masalasi ko‘tarilmagan. Pentagon vakillari bu faqat muhokama darajasidagi variantlar ekanini ta’kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Hind okeani hududida Eron tankerlarini to‘xtatgani haqida yozgan edi.