Yangiliklar

Porsche yangi elektr Cayenne Coupe Electric krossoverini taqdim etdi

Yangi elektr avtomobil uch xil quvvat darajasida taklif etiladi
Foto: porsche.com

Porsche kompaniyasi o‘zining yangi to‘liq elektr Cayenne Coupe modelini namoyish qildi. Krossover an’anaviy benzinli hamda gibrid versiyalar qatoriga qo‘shiladi.

Foto: porsche.com

Yangi Cayenne Coupe Electric dizayni o‘ziga xos tom tuzilishi va qiya old oyna bilan ajralib turadi. Krossover asosi standart Cayenne Electric bilan bir xil bo‘lib, 800 voltli arxitektura, 113 kVt/soat akkumulyator va 400 kVt quvvatda 16 daqiqadan kamroq vaqt ichida 10 dan 80 foizgacha quvvat olish imkoniyatiga ega.

Avtomobilning baza modeli 435 ot kuchi quvvatga ega bo‘lsa, Cayenne S Coupe Electric 657 ot kuchi ishlab chiqaradi. Eng yuqori Turbo Coupe Electric versiyasi esa 1139 ot kuchi taqdim etadi. Ushbu krossover 97 km/soat tezlikka atigi 2,4 soniyada erishadi va bu ko‘rsatkich brendning eng tezkor hisoblangan 911 Turbo S sportkari tezlanishi bilan mutlaqo bir xildir.

Tezlikdan tashqari, krossover 3500 kg gacha yuk tortish imkoniyatini ham saqlab qolgan. Barcha modellarda moslashuvchan havo suspenziyasi, momentni taqsimlash va Porsche Active Ride tizimi standart qilib o‘rnatilgan. Shuningdek, xaridorlar yaxshilangan o‘tuvchanlikni ta’minlovchi Off-Road paketini qo‘shimcha tarzda tanlashlari mumkin.

Porsche an’anaviy benzinli va plagin-gibrid Cayenne modellarini ishlab chiqarishni davom ettiradi. Yangi elektr kupe narxi $113,8 mingdan boshlanib, Turbo versiyasi uchun $168 minggacha ko‘tariladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Porsche Panamera va Taycan modellarini birlashtirishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.