
Qozogʻiston Oʻzbekistonga neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bu haqda mamlakat energetika vaziri Yerlan Akkenjenov maʼlum qildi.
Uning taʼkidlashicha, ikki davlat oʻrtasida energetika sohasidagi hamkorlik kengaymoqda. Tomonlar Rossiya gazini tranzit qilish, shuningdek, neft yetkazib berish masalalarini muhokama qildi.
«Biz Rossiya gazining Oʻzbekistonga tranziti va neft yetkazib berish boʻyicha hamkorlik qilmoqdamiz. Bundan tashqari, Qozogʻiston mahsulotlarini, xususan, xom neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatini ham koʻrib chiqyapmiz», — dedi vazir.
Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil davomida Oʻzbekiston jami $2,01 mlrdlik neft va neft mahsulotlarini import qilgan. Ushbu hajmning 1,33 mlrd dollari neft mahsulotlari hissasiga toʻgʻri keldi, bu 2024-yilga nisbatan 7,4 foizga koʻpdir.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning fikricha, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin Oʻzbekiston yonilgʻi bozori ushbu davlatga qaramligi keskin oshdi. Uning taʼkidlashicha, bu qaramlikni kamaytirish boʻyicha aniq choralar yetarli darajada koʻrinmayapti.
«Iqtisodiy, transport-logistik va oʻzaro manfaatdorlik omillari hisobga olinsa, Oʻzbekiston uzoq Rossiyadan emas, qardosh davlatlar — Qozogʻiston, Turkmaniston va Ozarbayjondan neft va neft mahsulotlari import qilishi afzalroq hisoblanadi», — deydi u.
Kursiv Uzbekistan bilan suhbatda boʻlgan Grand Broker Trade rahbari Malik Sahatqurbonovning fikricha, hozir Oʻzbekistonda import benzini ulushi yuqori darajada qolmoqda.
«Ayniqsa, Toshkentda import yonilgʻi yetkazib beruvchilar va AYQShlar oʻrtasida kuchli raqobat shakllangan. Koʻplab operatorlar rezervuarlarini toʻldirib olgan, bu esa bozorda ortiqcha taklifni yuzaga keltirgan. Baʼzi holatlarda K-4 va K-5 standartidagi import benzini mahalliy AI-92 ga nisbatan 5–7 foiz arzon sotilmoqda», — deydi u.
Ekspertga koʻra, aynan import hajmining yuqoriligi ichki bozorda narxlarning keskin oshib ketishini hozircha cheklab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozogʻiston 2026-yilning birinchi choragida neft ishlab chiqarish va eksport hajmini sezilarli darajada kamaytirgani haqida xabar bergan edi. Mamlakat energetika vaziri maʼlumotiga koʻra, yanvar – mart oylarida neft va gaz kondensati ishlab chiqarish 19,7 mln tonnani tashkil etdi.