Yangiliklar

Qozog‘istonni 2050-yilgacha to‘rtta yirik xavf kutmoqda — ekspert

Yana bir muhim xavf sifatida kon-metall resurslarining kamayib borayotganini tilga olingan
Qozog‘istonni 2050-yilgacha to‘rtta yirik xavf kutmoqda — ekspert
Kollaj: Kursiv Media

Qozog‘iston 2050-yilgacha kamida to‘rtta yirik iqtisodiy va ekologik muammo bilan yuzlashishi mumkin. Bu haqda «Samruk-Kazina» jamoatchilik kengashi a’zosi, energetika sohasidagi sobiq maslahatchi Oljas Baydildinov ma’lum qildi.

Mutaxassis ushbu xavflarni «qora oqqushlar» deb atab, ular mamlakat iqtisodiy barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Uning fikricha, kelgusi yillarda neft qazib olish hajmi uch barobarga qisqarishi mumkin.

Shu bilan birga, aholi soni 20 mlndan 25 mlngacha oshishi kutilmoqda. Biroq avtomatlashtirish va sun’iy intellekt kengayishi fonida bu holat ishsizlikning keskin o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Baydildinov yana bir muhim xavf sifatida kon-metall resurslarining kamayib borayotganini tilga oldi. Bundan tashqari, suv taqchilligi ham mintaqa uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi ta’siri kuchaymoqda. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldashev ham 2050-yilgacha mintaqada hosildorlik 20 – 50 foizga kamayishi mumkinligini bildirgan.

Shuningdek, Amudaryo va Sirdaryo suv resurslari 20 foizga qisqarishi ehtimoli bor. Bu esa Orol dengizi holatiga yana salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Mutaxassis Kaspiy dengizi sayozlashib, ikki qismga ajralib ketishi xavfi ham mavjudligini qayd etdi. Bu esa ayrim hududlarda majburiy migratsiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Qozog‘iston kichik Orolni tiklash bo‘yicha ma’lum natijalarga erishgan. Sirdaryo suvi hisobiga oziqlanadigan bu hududni qo‘llab-quvvatlash uchun Koksaroy suv ombori barpo etilgan. U 3 mlrd kub metr suvni to‘plash imkoniga ega. Shu bilan birga, Tojikiston hududidan yuqorida Afg‘oniston tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali Amudaryo suvining 20 – 30 foizini olib ketishi mumkin. Bu esa, ayniqsa, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘iston O‘zbekistonga neft eksportini boshlashi mumkinligi haqida yozgan edi.