Yangiliklar

Ruminiyada o‘zbekistonlik fura haydovchilari uchun ish o‘rinlari ochildi

Ish beruvchi kompaniya O‘zbekistonga kelib, 25–26-aprel kunlari Andijon shahrida amaliy imtihon o‘tkazadi
Ruminiyada o‘zbekistonlik fura haydovchilari uchun ish o‘rinlari ochildi
Foto: Unsplash

Ruminiyada o‘zbekistonlik fura haydovchilari uchun yangi ish o‘rinlariga qabul boshlandi. TBu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.

Ish beruvchi kompaniya O‘zbekistonga kelib, 25–26-aprel kunlari Andijon shahrida amaliy imtihon o‘tkazadi. Nomzodlar shu jarayon orqali tanlab olinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ish haqi oyiga 2500 yevrodan 2700 yevrogacha etadi. Nomzodlar 21 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lishi kerak. Ulardan CE toifali guvohnoma, chip va taxo kartalari mavjud bo‘lishi, shuningdek rus tilini boshlang‘ich darajada bilish talab etiladi.

Ish beruvchi tomonidan tibbiy sug‘urta va xavfsizlik kafolatlari taqdim etiladi. Shuningdek, rasmiy taklifnoma beriladi. Qayd etilishicha, mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi. Agentlik ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi va ishga joylashtirish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiyada o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari uchun ish o‘rinlari ochilishi haqida yozgan edi.