Yangiliklar

Toshkentda dizayn-kod sabab tadbirkorga elektr ta’minotini uzish bilan tahdid qilindi

Hokimiyat vakillari xalqaro brendlar va mahalliy biznes vakillarining peshlavhalarini majburan oldirgani aytilmoqda
Foto: Tripadvizor

Toshkent shahrida tashqi reklama va dizayn-kod masalalari bo‘yicha tadbirkorlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Muloqotda tadbirkorlardan biri peshlavhani olib tashlamasa obyektdagi elektr ta’minotini uzish bilan bosim qilingani haqida gapirdi.

«Dim Dream» restorani rahbari Mariyaning aytishicha, o‘zini tanishtirmagan hokimiyat xodimi 1 kvadrat metrdan katta peshlavhani darhol yechishni talab qilgan.

«Kecha hokimiyatdan bir kishi keldi. O‘zini tanishtirmadi, hech qanday hujjat ko‘rsatmadi. U bizga peshlavhamiz 1 kvadrat metrdan kattaligi uchun reklama hisoblanishini va uni darhol yechishimizni buyurdi. Agar 10 daqiqa ichida yechmasanglar, men ketaman va restoranning chirog‘ini o‘chirib tashlayman deb tahdid qildi», — dedi restoran rahbari.

Ekran tasviri

Natijada restoran ma’muriyati ijara binosi egasining ham ogohlantirishi ortidan 36 kvadrat metrlik peshlavhasini buzishga majbur bo‘lgan.

«Biz ijara evaziga ishlaymiz, binomiz egasiga ham Mirzo Ulug‘bek tuman elektr tarmoqlaridan qo‘ng‘iroq qilib, peshlavha olinmasa svet o‘chirilishini aytishibdi. Majburlikdan 36 kvadrat metrlik qimmatbaho peshlavhamizni buzib tashladik», — deya qo‘shimcha qildi u.

Muammolar shahar ko‘chalaridagi binolar fasadini bir xil — jigarrang yoki oq rangga bo‘yash majburiyati bilan ham bog‘liq. Biznes vakillarining ta’kidlashicha, bu ularning global korporativ ranglariga (brandbook) zid kelib, Papa Johns va Apex Pizza kabi tarmoqlar o‘z an’anaviy dizaynidan voz kechishga majburlanmoqda.

«Brendbuk degan narsa yaralayotganda u faqat harflar yoki qandaydir rang emas, uning ichida katta mazmun, kommunikatsiya yotadi. Masalan, KFC butun dunyoda katta bo‘lib, rangi qizil bo‘lsa, qanday qilib bu yerda 50 santimetr joyga sig‘dirasan, o‘shandagina ruxsat olasan deyish mumkin? Bu umuman noto‘g‘ri. Unda butun Toshkent oppoq harfli, qora fondagi shaharga aylanib qoladi», — dedi Papa Johns brendi vakili Bobur Talipov

«Boshqa brendlarga o‘xshab bizning ham o‘zimizning rangimiz bor. Yagona konsepsiya ishlab chiqayotganda bizning ranglarni ham inobatga olishsin, sababi bizda sariq rang belgilangan. Buni jigarrang yoki oqqa o‘zgartirish umuman brendning ko‘rinishini o‘zgartirishga olib keladi», — deya qo‘shimcha qildi Apex Pizza kompaniyasi vakili Sardor.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda dizayn-kod joriy etilishi haqida xabar bergan edi.