
2026-yilning birinchi choragida O‘zbekiston davlat budjeti daromadlarida barqaror o‘sish kuzatildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga ko‘ra, hisobot davrida daromadlar 103 trln so‘mni tashkil etdi va o‘tgan yildagiga nisbatan 35 foizga oshdi.
Mahalliy budjetlarning moliyaviy imkoniyatlari ham kengaydi. Ular ixtiyorida qolgan mablag‘lar 21 foizga oshib, 2,2 trln so‘mga yetdi. Hududlarni qo‘llab-quvvatlash uchun respublika budjetidan yana 1,1 trln so‘m ajratildi.
Toshkent shahri, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent va Buxoro viloyatlarida eng ko‘p mablag‘lar mahalliy budjetlarda qoldi. Yer sotish va xususiylashtirish hisobidan qo‘shimcha 572 mlrd so‘m shakllandi.

Tuman darajasida ham moliyaviy mustaqillik oshdi. Mahalliy budjetlarda 1,4 trln so‘m mablag‘ qolib, bu o‘tgan yilga nisbatan 4 barobardan ko‘p bo‘ldi.
Soliq tushumlari 63,6 trln so‘mni tashkil etdi va reja 15 foizga ortig‘i bilan bajarildi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 24 foizga ko‘p. Bojxona tushumlari ham oshib, 19,4 trln so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 20 foizga yuqori bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida turizm eksporti $600 millionga yetkazilishi xabar qilingandi. Bo‘stonliq, Parkent, G‘azalkent, Ohangaron va Angrenning tog‘li hududlarida zamonaviy turizm majmualari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Viloyatda turizm eksportini $600 mlnga va sayyohlar sonini 16,5 mlnga yetkazish rejalashtirilgan.