
2026-yilgi Pekin avtosalonida Huawei o‘zining yangi avlod zaryadlash texnologiyalarini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Mazkur tizim intensiv foydalanish sharoitlari uchun mo‘ljallangan. U maksimal 1500 kVt quvvat va 2400 amper tokni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu tufayli taxminan 300 kVt/soat sig‘imli batareyani 15 daqiqada zaryadlash imkoniyati mavjud.
Huawei ushbu texnologiyani alohida qurilma emas, balki to‘liq infratuzilma sifatida taqdim etdi. Tizim Xitoy zaryadlash standartlariga mos keladi va turli konfiguratsiyalarda ishlaydi. Ular orasida tabiiy sovitishga ega 400 A terminal, suyuqlik bilan sovitiladigan 800 A qurilmalar hamda 1000 amperdan yuqori quvvatli tizimlar bor. Shuningdek, 1000 kVt va 1440 kVt darajadagi zaryad qurilmalari ham taklif etiladi.
Kompaniya energiya samaradorligini oshirish uchun quyosh panellari bilan integratsiyani ham joriy qilmoqda. Bu yechim elektr tarmog‘iga tushadigan yuklamani kamaytiradi va zaryad stansiyalarini turli sharoitlarda moslashuvchan joylashtirish imkonini beradi.
Yangi arxitektura quyosh energiyasi, energiya saqlash tizimlari va zaryad infratuzilmasini yagona tizimga birlashtiradi. Bu esa pik yuklamalarni kamaytiradi va stansiyalar ishini barqaror qiladi. Yo‘lovchi elektromobillar uchun Huawei yangilangan ultra tez zaryad terminallarini ham namoyish etdi. Ular 800 ampergacha chiqish tokini qo‘llab-quvvatlaydi. Yuqori yuklama kuzatiladigan yo‘laklar va tijorat segmenti uchun esa 1000 kVt va undan yuqori quvvatli tizimlar taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Huawei Pura 90 smartfoni rasman taqdim etilgani haqida yozgan edi.