Yangiliklar

Qozog‘istonda daraga qulagan mikroavtobus olib chiqildi

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida mikroavtobus ichida yo‘lovchilar bo‘lmagan
Qozog‘istonda daraga qulagan mikroavtobus olib chiqildi
Foto: SI yordamida yaratilgan / Kursiv Media

Qozog‘istonning Almati viloyatida daraga qulab tushgan mikroavtobus qutqaruvchilar tomonidan olib chiqildi. Bu haqda mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) ma’lum qilgan.

Hodisa Kolsay ko‘llari milliy bog‘i hududida yuz bergan. Turistik mikroavtobus taxminan 150 metr chuqurlikdagi daraga tushib ketgan. Voqea aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, unda transport vositasi tog‘ yonbag‘ri bo‘ylab tezlik bilan pastga qulayotgani ko‘ringan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida mikroavtobus ichida yo‘lovchilar bo‘lmagan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, qutqaruv ishlariga «Kazselezashchita» xodimlari ham jalb etilgan. Ular yaqin hududda gidropost qurilishida ishlayotgan bo‘lib, voqea joyiga tezda yetib kelgan.

Qutqaruvchilar va Almati viloyati favqulodda vaziyatlar xizmati hamkorligida transport vositasi murakkab hududdan muvaffaqiyatli olib chiqildi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘istonni 2050-yilgacha to‘rtta yirik xavf kutayotgani haqida yozgan edi.