
Samarqand viloyatining Toyloq tumanida voyaga yetmagan ikki nafar qizga nisbatan zo‘ravonlik holati yuzasidan tekshiruv boshlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 21-aprel kuni fuqaro M.S. vaqtincha vasiyligida bo‘lgan 2019 va 2017-yillarda tug‘ilgan qizlarga nisbatan jismoniy va ruhiy tazyiq o‘tkazgan. U bolalarning xorijda bo‘lgan onasidan pul undirish maqsadida zo‘ravonlik qilgani va bu jarayonni videoga olgani aniqlangan.

Holat Bolalar ombudsmani nazoratiga olingan. Hududiy vakil voqea joyiga chiqib, bolalarni himoya qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rgan. Hozirda tuman ichki ishlar organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Shu bilan birga, mas’ullar tomonidan M.S. vasiylikdan chetlatilgan.
Bolalarga yetkazilgan jarohatlar darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Ularning ruhiy holatini tiklash maqsadida psixolog jalb etilgan. Qizlar vaqtincha oilaviy bolalar uyiga joylashtirilgan. Ular yashash joyiga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim muassasasiga biriktirilgan.
Hozirda bolalarning xorijda bo‘lgan onasining ota-onalik majburiyatlarini bajarish darajasi ham o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Rossiyada qarovsiz qolgan uch nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida yozgan edi.