Yangiliklar

Viktor Orban parlamentdan rasman ketdi

Fidesz parlamentdagi fraksiyasiga endi Gergely Gulyash rahbarlik qiladi
Viktor Orban parlamentdan rasman ketdi
Foto: AP Photo

Vengriya bosh vaziri Viktor Orban saylovdagi yirik mag‘lubiyatdan so‘ng parlament deputatligidan voz kechishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.

Orban ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan videomurojaatida parlamentda emas, balki patriotik harakatni qayta qurish jarayonida kerakligini aytdi. Shunga qaramay, u saylovda partiya ro‘yxati orqali deputat etib saylangan edi. 12-aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Orban boshchiligidagi Fidesz partiyasi 135 o‘rindan 52 o‘ringa tushib ketdi. Aksincha, Tisza partiyasi katta ustunlik bilan g‘alaba qozondi va 199 o‘rinli parlamentda uchdan ikki qismdan ortiq ko‘pchilikni qo‘lga kiritdi.

Tisza partiyasiga sobiq Fidesz a’zosi Piter Madyar yetakchilik qilmoqda. U yangi hukumat ichki siyosatni yangilash va tashqi aloqalarni qayta ko‘rib chiqishni va’da qilgan. Orban o‘z mandatini partiyaga tegishli deb hisoblab, uni qaytarishga qaror qilganini aytdi. Fidesz parlamentdagi fraksiyasiga endi Gergely Gulyash rahbarlik qiladi.

Orban 1990-yildan beri parlament a’zosi bo‘lib kelgan va 2010-yildan buyon Vengriyaga bosh vazir sifatida rahbarlik qilib kelgan edi. U mamlakat siyosatida asosiy figuraga aylangan. So‘nggi saylovlarda esa saylovchilar korrupsiya haqidagi ayblovlar va turmush darajasining pasayishi fonida undan yuz o‘girdi.

Yangi hukumat ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni qayta ko‘rib chiqish, korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va sud tizimi mustaqilligini tiklashni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Vengriya parlament saylovida Viktor Orban mag‘lub bo‘lgani haqida yozgan edi.