
Toshkent viloyatining Angren shahrida yirik yo‘l-transport hodisasi (YTH) sodir bo‘ldi. Bu haqda viloyat ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 26-aprel kuni soat 23:10 atrofida «A-373» avtomobil yo‘lining 93-kilometrida HOWO yuk mashinasi haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada u shu yo‘nalishda harakatlanayotgan yana to‘rtta transport vositasi bilan to‘qnashgan.
Hodisa oqibatida Cobalt avtomobilidagi haydovchi va yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Yana to‘rt nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga olib borilgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. HOWO yuk mashinasi haydovchisi protsessual tartibda ushlangan. U hodisada jarohat olmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jizzax viloyatida yuk mashinasi chuqurlikka ag‘darilgani haqida yozgan edi.