
26-aprel kuni Bangladeshning 7 ta tumanida kuchli yomg‘ir va chaqmoq urishi oqibatida kamida 14 kishi halok bo‘ldi hamda bir necha kishi jarohat oldi. Hodisalar kunduzi soat 12:00 dan 17:00 oralig‘ida dalalarda sodir bo‘lgan.
Eng ko‘p qurbonlar Gaibandha tumanida qayd etilgan bo‘lib, u yerda 5 kishi chaqmoq urishi oqibatida vafot etgan. Sirajganj tumanida esa o‘z dalasida ishlayotgan va sholi yig‘ayotgan 2 nafar fermer halok bo‘lgan.
Thakurgaon hamda Jamalpur tumanlarida 2 kishidan, jami 4 kishi yomg‘ir vaqtida vafot etgan, shuningdek, 4 kishi jarohatlangan va 5 ta uy hayvoni nobud bo‘lgan. Bogra tumanida sholi ko‘chatlarini yomg‘irdan polietilen bilan yopishga uringan 26 yoshli yigit qurbon bo‘lgan.
Panchagarh va Natore tumanlarida ham qishloq xo‘jaligi hamda choy plantatsiyasi ishchilari orasida qurbonlar bor.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Portugaliya va Ispaniyaga Leonardo to‘foni yopirilgani haqida xabar bergan edi.