Yangiliklar

Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi

Poyezd olti vagondan iborat bo‘lib, 586 o‘rinli
Farg‘ona vodiysida yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi
Foto: prezident matbuot xizmati

Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd ishga tushirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev ushbu yo‘nalishdagi ilk qatnovda ishtirok etdi. Yangi temir yo‘l halqasi 324 kilometrni tashkil etadi. U vodiy hududlari o‘rtasidagi qatnovni yengillashtiradi va aholiga qulay transport yaratadi.

Poyezd olti vagondan iborat bo‘lib, 586 o‘rinli. U soatiga 120 km tezlikda harakatlana oladi. Chipta narxi 15 ming so‘m etib belgilangan.

Foto: prezident matbuot xizmati

Vagonlarda konditsioner, bepul Wi-Fi va USB-portlar mavjud. Nogironligi bo‘lgan yo‘lovchilar uchun ham maxsus sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, xavfsizlik tizimlari xalqaro standartlarga mos.

Bu yo‘nalishda kuniga 1,5 ming, yiliga esa qariyb 600 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan. Loyiha hududda iqtisodiy va turizm rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qo‘qondagi «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Ushbu hudud uchun jami 1 trln 850 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Loyihaga ko‘ra, bu yerda 25 ming nafar aholi yashashi uchun barcha sharoitlar yaratiladi.