Yangiliklar

KOICA O‘zbekistonda IT ta’lim uchun $14 mln grant ajratdi

Tashabbus doirasida 2026 – 2032-yillarda mamlakatda IT ta’lim ekotizimi takomillashtiriladi
KOICA O‘zbekistonda IT ta’lim uchun $14 mln grant ajratdi
Foto: Pexels

KOICA O‘zbekistonda axborot texnologiyalari ta’limini rivojlantirish uchun $14 mln grant ajratdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lum qildi.

Tashabbus doirasida 2026 – 2032-yillarda mamlakatda IT ta’lim ekotizimi takomillashtiriladi. Yoshlar sun’iy intellekt, dasturlash, prompt muhandisligi, narsalar interneti va onlayn marketing kabi zamonaviy yo‘nalishlarda tizimli o‘qitiladi.

Loyiha doirasida 500 nafar IT mutaxassis va o‘qituvchilarning malakasi oshiriladi. Shuningdek, koreyalik yetakchi ekspertlar ishtirokida startap inkubatsiya dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Hududiy infratuzilmani rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, Nukus va Qarshi shaharlarida zamonaviy IT xablar tashkil etiladi. Shu bilan birga, 7 ta tumanda 14 ta IT markaz qurilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Janubiy Koreya O‘zbekistonda sanoat kadrlarini tayyorlashga doir loyihani amalga oshirishi haqida yozgan edi.