Yangiliklar

Mali mudofaa vaziri hujumda halok bo‘ldi

U o‘z uyiga qilingan portlashli hujum oqibatida vafot etgan
Mali mudofaa vaziri hujumda halok bo‘ldi
Foto: AP Photo

Malida kuchaygan qurolli hujumlar fonida mamlakat mudofaa vaziri halok bo‘ldi. Hujum poytaxt Bamako yaqinidagi qarorgohga amalga oshirilgan.

Ma’lum qilinishicha, mudofaa vaziri Sadio Kamara o‘z uyiga qilingan portlashli hujum oqibatida vafot etgan. Hujum portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan yuk mashinasi orqali amalga oshirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, vazir hujumchilarga qarshilik ko‘rsatgan va ulardan ayrimlarini yo‘q qilgan. Ammo u og‘ir jarohat olib, shifoxonada vafot etgan.

Foto: BBC

Hodisa vaqtida vazirning oila a’zolaridan kamida uch nafar kishi ham halok bo‘lgani aytilmoqda. Portlash oqibatida binolar vayron bo‘lib, yaqin atrofdagi masjid ham zarar ko‘rgan. Hujumlar mamlakatning bir nechta hududlarida bir vaqtning o‘zida sodir etilgan. Jumladan, Kati, Gao, Kidal va boshqa shaharlarda to‘qnashuvlar qayd etilgan.

Shimoliy hududlarda ajratilish tarafdori guruhlar hamda radikal jangchilar faolligi oshgan. Ular orasida «Jamoat Nusrat al-Islom val-Muslimin» guruhi ham borligi aytilmoqda.

Hukumat hujumlardan keyin mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralarini kuchaytirdi. Qo‘shinlar joylashtirilib, nazorat postlari soni oshirilgan. Rasmiylar bu hujumlar javobsiz qolmasligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Sahel mintaqasi global terrorizm markaziga aylangani haqida yozgan edi.