
Nissan Murano krossoverlarining 2003-yildan 2024-yilgacha ishlab chiqarilgan dastlabki uchta avlodida uzluksiz o‘zgaruvchan transmissiya (CVT) bilan bog‘liq jiddiy va qimmat nosozliklar qayd etilgan. Bu haqda CarBuzz nashri xabar bermoqda.

Dastlabki (2003–2008) va ikkinchi avlod (2009–2014) modellarida avtomobilning harakat vaqtida silkinishi, uzatmaning sirpanishi hamda joyidan qo‘zg‘alishdagi uzilishlar kabi holatlar ko‘p bora kuzatilgan. Mutaxassislar tahliliga ko‘ra, ayniqsa 2004 va 2009-yillarda ishlab chiqarilgan nusxalar eng nosoz variantlar hisoblanadi.

Uchinchi avlod (2015–2024) vizual jihatdan katta o‘sishga erishgan bo‘lsa-da, xususan, 2015-yilgi modellarda transmissiya shikoyatlari yuqori darajada saqlanib qolgan. Qayd etilishicha, ushbu nosozlikni ta’mirlash imkonsiz bo‘lib, butun transmissiyani almashtirish o‘rtacha $7 ming xarajat talab qiladi. Shunga qaramay, 2018-yildan keyin ishlab chiqarilgan modellar avvalgilarga nisbatan ishonchliroq deb topilgan.

Nissan ushbu yigirma yillik muammolarga yakun yasash maqsadida 2025-yilda taqdim etilgan to‘rtinchi avlod Murano modellarida CVT tizimidan to‘liq voz kechdi. Yangi avlod avtomobillariga 241 ot kuchiga ega 2,0 litrli turbo dvigatel va 9 pog‘onali an’anaviy avtomat uzatmalar qutisi o‘rnatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nissan global bozorlar uchun yangi Terrano yo‘ltanlamasini namoyish qilgani haqida xabar bergan edi.