Yangiliklar

Nvidia kompaniyasining kapitali 5 trln dollardan oshdi

So‘nggi haftalarda Nvidia aksiyalari uzoq muddatli savdo diapazonidan chiqdi
Nvidia kapitallashuvi 5 trln dollardan oshdi
Foto: Unsplash

Nvidia aksiyalari 4,3 foizga yuqoriladi. Oninvest nashrining qayd etishicha, umumiy o‘sish fonida kompaniya kapitallashuvi yana $5 trln darajasidan oshdi.

Bu ko‘rsatkich oxirgi bor 2025-yil noyabr boshida qayd etilgan edi. Shundan beri kompaniya qiymati bu darajadan pastda qolayotgan edi. O‘sishga Intel va Texas Instruments kuchli moliyaviy natijalari turtki berdi. Investorlar butun chip ishlab chiqaruvchilar sektoriga faol qayta kira boshladi.

So‘nggi haftalarda Nvidia aksiyalari uzoq muddatli savdo diapazonidan chiqdi. Atigi to‘rt hafta oldin kompaniya qiymati oktabrdagi cho‘qqidan 20 foiz past edi. Yil boshidan beri esa aksiyalar 12 foizga oshdi.

Nvidia S&P 500 indeksining o‘sishiga eng katta hissa qo‘shgan kompaniyaga aylandi. Indeks yil boshidan 4,7 foizga ko‘tarilgan bo‘lsa, uning qariyb 20 foizi aynan Nvidia hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi to‘rt hafta ichida texnologik gigantlar aksiyalari yana o‘sishga o‘tdi. Avvalroq sun’iy intellekt xarajatlari ortib borayotgani investorlarni xavotirga solgan edi. Endi esa, aksincha, SI sohasi katta investitsiyalar jalb qilayotgani sabab texnologiya sektori yana jozibador bo‘lib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Amazon SI chiplar bilan Nvidia’ga jiddiy raqobat qilmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.