Investitsiyalar

Oʻzbekiston birinchi chorakda 13,7 mlrd dollar investitsiya jalb qildi

Xorijiy investitsiyalarning asosiy qismi Xitoyga to‘g‘ri keldi — $6,4 milliard
Инвестиции в Узбекистан
Фото: Unsplash

2026-yilning birinchi choragida Oʻzbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi $13,7 mlrdga yetdi. Bu oʻtgan yilga nisbatan 1,6 barobar koʻpdir. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) ma’lum qildi.

Hisobotga koʻra, xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan $9,7 mlrdlik asosiy kapital yaratildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 147,5 foizga oshgan.

Aprel boshida mamlakat boʻyicha $1,2 mlrdlik 1,5 mingdan ortiq loyiha ishga tushirildi. Natijada 28 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Jumladan, Toshkent viloyatida foydali qazilmalar qazib olish yoʻlga qoʻyildi. Andijonda trikotaj ishlab chiqarish kengaytirildi. Chirchiqda katalizator ishlab chiqarishning birinchi bosqichi ishga tushdi.

Xorijdan toʻgʻridan toʻgʻri investitsiyalar va kreditlar hajmi $12,8 mlrdni tashkil etdi. Shundan $8,8 mlrd asosiy kapitalga yoʻnaltirildi. Bu ham oʻtgan yilga nisbatan 1,6 barobar oʻsishni koʻrsatadi.

Foto: ITIM

Hududlar kesimida eng koʻp investitsiya Toshkent shahriga toʻgʻri keldi — $2,2 mlrd. Namanganda $1,06 mlrd, Fargʻonada $954 mln, Andijonda $880 mln, Toshkent viloyatida esa $709 mln investitsiya jalb qilindi.

Investitsiyalarning asosiy qismi Xitoy hissasiga toʻgʻri keldi. Ushbu davlatdan $6,4 mlrd sarmoya kirib keldi. Keyingi oʻrinlarda Rossiya va Turkiya joy oldi. Ular mos ravishda $1,1 mlrd va $975 mln investitsiya kiritdi.

2026-yilda xalqaro moliya institutlari ishtirokida umumiy qiymati $5,1 mlrd boʻlgan 120 dan ortiq loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Yanvar – mart oylarida ushbu loyihalar doirasida $947 mln investitsiya jalb qilindi.

Avvalroq «Kursiv» Amerika – O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi rasmiy faoliyatini boshlagani haqida xabar bergan edi.