
O‘zbekistonda jismoniy shaxslar, jumladan, chet el fuqarolari bank hisobvaraqlari orqali bir-biriga shaxsiy maqsadlarda pul o‘tkazishi mumkin bo‘ldi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar bermoqda.
Yangi qoidalarga asosan, xorijlik jismoniy shaxslarga mamlakat ichida ustav fondiga mablag‘ qo‘shish, xayriya qilish va meros bilan bog‘liq ichki valyuta operatsiyalarini bajarish huquqi berildi. Shuningdek, xorijiy investorlar fond bozorida qimmatli qog‘ozlarni sotishdan tushgan mablag‘larini erkin ravishda chet elga olib chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Markaziy bank bayonotida ta’kidlanishicha, hujjatdan ko‘zlangan maqsad – «kapital bozori ishtirokchilari uchun qulay sharoitlar yaratish»dan iborat.
Tadbirkorlar valyuta sotib olish buyurtmalarida kichik texnik yoki imloviy xatolar qilsa, operatsiya rad etilmaydi, balki ularni darhol tuzatishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, yuridik shaxslarga chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha to‘lovlar uchun valyuta sotib olishda qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.
Bank kassalaridan naqd chet el valyutasini berish tartibi ham aniqlashtirilgan. Jismoniy shaxslar o‘z hisobvarag‘idagi mablag‘ni cheklovsiz yechib olishi mumkin, yuridik shaxslarga esa naqd valyuta faqat aniq belgilangan maqsadlar uchun taqdim etiladi. Bozordagi shaffoflikni ta’minlash uchun barcha valyuta ayirboshlash operatsiyalari yagona tizimda hisobga olinishi belgilandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB 2025-yilda Markaziy Osiyo uchun qancha ajratgani haqida xabar bergan edi.