
Toshkent shahar hokimiga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Dauletiyar Xudaybergenov hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari bo‘ldi. Shuningdek, u Toshkent shahar iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga ham rahbarlik qiladi.
Xudaybergenov 1990-yilda Nukusda tug‘ilgan. U Toshkent davlat yuridik institutida tahsil olgan. Keyinchalik Rossiya va O‘zbekistondagi oliy o‘quv yurtlarida ham o‘qishni davom ettirgan. Mehnat faoliyati davomida Prezident administratsiyasida ishlagan. U yerda moliyaviy islohotlar, investitsiya loyihalari va iqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarida ishtirok etgan.
Shuningdek, Alisher Dusmuhamedov hokimning axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Bundan tashqari, u Raqamli rivojlanish departamentiga rahbarlik qiladi.
Dusmuhamedov 1981-yilda Toshkentda tug‘ilgan. U bir nechta oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan. Faoliyati davomida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan. So‘nggi paytgacha Bojxona qo‘mitasida axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik yo‘nalishiga rahbarlik qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Obidjon Muminov Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimini egallagandi.
Mazkur tayinlovga qadar u Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish, ekspluatatsiya qilish tizimini muvofiqlashtirish hamda renovatsiya loyihalarini umumlashtirish departamentiga rahbarlik qilib kelgan.