
Surxondaryo viloyatining Boysun tumanida neft mahsulotlari bilan bog‘liq ekologik holat yuzasidan kompensatsiya miqdori aniqlanib, tegishli hisob-kitoblar yakunlandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ekoqo‘mitaning Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi «Surxan Gas Chemical Operating Company» MChJ qo‘shma korxonasiga qarashli quduqdan neft mahsulotlari aralash suyuqlik chiqib ketganini aniqlagan. Atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida hududda «Eriell Oilfield Services Middle East DMCC» korxonasi texnikalari yordamida 11 ta xandaq qazilgan.

Keyinchalik, 23-aprel kuni kuchli yog‘ingarchiliklar oqibatida 1,2 tonna neft mahsulotlari aralash suyuqlik «Xongaronsoy»ga oqib tushgan. O‘tkazilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-apreldagi 202-son qaroriga asosan ekologik zarar miqdori 8,5 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan.
Hozirda hududda vaziyat bartaraf etilgan, suv havzasi neft aralashmasidan tozalangan. Shuningdek, o‘rganish ishlari davom etmoqda va yakuniy hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga kompensatsiya to‘lovlari belgilangan edi.