
Chevrolet Cobalt uchun shartnomalar ochildi, may oyida o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi — 28-aprel kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Chevrolet Cobalt uchun shartnomalar ochildi

UzAuto Motors Chevrolet Cobalt modeli uchun shartnomalarni 28-aprel soat 10:00 dan boshlab qayta ochdi. Shartnomalarni avtosalonlarda va onlayn tarzda uzavtosavdo.uz tizimi orqali ham rasmiylashtirish mumkin.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu safar tizim barqaror ishlamoqda va shartnoma olish jarayoni bir necha bosqichda tez amalga oshirilmoqda. To‘lov esa 7 kun ichida amalga oshirilishi kerak.
Dollar kursi 40 so‘mdan ko‘proqqa pasaydi

29-aprel uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 43,76 so‘mga tushib, 12 029,20 so‘mni tashkil qildi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 111,54 so‘mga tushib, 14 065,74 so‘mni, rubl esa 0,91 so‘mga tushib, 160,26 so‘mni tashkil etdi.
Qirg‘izistonda Qurbon hayiti sanasi ma’lum qilindi

Qirg‘izistonda 2026-yilda Qurbon hayiti 27-may kuni nishonlanadi. Bu haqda mamlakat musulmonlari diniy idorasi ma’lum qildi.
Qurbon hayiti islom dinidagi eng muhim bayramlardan biri hisoblanadi. Uning sanasi har yili o‘zgarib turadi, chunki u hijriy oy taqvimiga asosan belgilanadi. Bayram haj ibodatining yakunlanishini bildiradi. Shu kuni musulmonlar qurbonlik qiladi, muhtojlarga yordam beradi va xayriya ishlarini amalga oshiradi.
Emre Kiviljim va Yulduz Rajabova to‘y taklifnomalarini tarqatishni boshladi

Turk aktyori Emre Kiviljim va o‘zbek aktrisasi Yulduz Rajabova to‘y arafasida ekanligi aytilmoqda. Juftlik nikoh marosimi uchun yaqinlariga taklifnomalar yuborishni boshlagan.
Tarqalgan videolarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra’no Shodiyeva ushbu voqea haqida o‘z fikrini bildirgan.
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining tur ramziy jamoasidan joy oldi

Turkiya chempionatining 31-turi yakunlariga ko‘ra, «Istanbul Bashakshehir» va O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Sofascore talqiniga ko‘ra, haftaning eng yaxshi futbolchilari qatoriga kiritildi.
Ramziy jamoadan Shomurodovning jamoadoshi Ivan Brnich va «Galatasaroy» yarim himoyachisi Lukas Toreyra ham o‘rin oldi. Shuningdek, «G‘oztepe» vakili A. Kurtulan va «Eyupspor» a’zosi Umut Bozok ramziy jamoaning hujumkor chizig‘ini tashkil etgan.
May oyida o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi

Prezident farmoniga ko‘ra, quyidagi sanalar dam olish kuni sifatida belgilanadi:
- 9-may (shanba) — Xotira va qadrlash kuni;
- 11-may (dushanba) — besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni;
- 28-may (payshanba) — Qurbon hayiti bayrami kuni (taxminiy);
- 29-may (juma) — barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni (taxminiy);
- 30-may (shanba) — olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni (taxminiy).
O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 6,8 mln so‘mga yetdi

2026-yil yanvar – mart oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik ish haqi 6,8 mln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 17,4 foizga ko‘p.
Ma’lum bo‘lishicha, eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida qayd etildi. Bu yerda o‘rtacha maosh 11,7 mln so‘mga yetib, bir yilda 18,8 foizga oshgan. Shuningdek, Navoiy viloyatida 8,4 mln so‘m, Toshkent viloyatida 6,2 mln so‘m atrofida bo‘ldi.
Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi

Joriy yilda Farg‘onadagi 100 ta mahallada namunaviy kutubxonalar tashkil etiladi. Shuningdek, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi rejalashtirilmoqda. «Burhoniddin Marg‘inoniy» majmuasida har ikki yilda xalqaro kitobxonlik festivali o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi boshqaruviga rais tayinlandi

Davron Vaxabov O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.
O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi ta’sischilarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Davron Vaxabov O‘zbekiston Ish beruvchilari konfederatsiyasi raisi lavozimiga jamoatchilik asosida tayinlandi.
Samsung beshta Galaxy A modeliga xavfsizlik yangilanishini taqdim etdi

Samsung bir nechta Galaxy A seriyali smartfonlar uchun yangi xavfsizlik yangilanishini tarqatishni boshladi. Bu haqda Sammobile nashri ma’lum qildi.
Kompaniya aprel oyidagi xavfsizlik patchini budjet segmentiga kiruvchi beshta model – Galaxy A35, Galaxy A26, Galaxy A25, Galaxy A07 5G va Galaxy A07 4G/LTE qurilmalariga taqdim etdi.