
Eron – AQSh mojarosi fonida neft narxlari keskin oshdi. Reuters agentligining yozishicha, Brent markali neft iyun fyucherslari $108,6 ga yetgan.
Bunga asosiy sabab sifatida strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat ko‘rsatilmoqda. Mazkur yo‘lak orqali odatda dunyodagi neft va gazning qariyb 20 foizi tashiladi. Hozir esa bu hududda yuk tashish keskin cheklangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Donald Tramp Eronning so‘nggi taklifidan norozi bo‘lgan. Eron esa mojaroni tugatish bo‘yicha taklifida yadro dasturi masalasini keyinga qoldirishni taklif qilgan. Shu bilan birga, Eron bo‘g‘oz orqali yuk tashishni cheklagan. AQSh esa Eron portlariga nisbatan blokadani saqlab qolmoqda. Bu esa global energiya ta’minotiga bosimni kuchaytirmoqda.
Tahlilchilar hatto mojaro tez orada tugasa ham, ta’minot tiklanishi vaqt olishini aytmoqda. Logistika muammolari va ishlab chiqarishdagi uzilishlar bir necha oy davom etishi mumkin. Mojaro boshlanishidan oldin bu hududdan kuniga 125 – 140 ta kema o‘tardi. Hozir esa bu ko‘rsatkich keskin kamaygan. Bu esa global energiya bozori uchun jiddiy xavf sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri AQSh Hind okeani hududida Eron tankerlarini to‘xtatgani haqida yozgan edi.