Yangiliklar

Global neft bozorida burilish: BAA OPEKdan chiqishini e’lon qildi

1-maydan boshlab
BAA OPEKdan chiqishini e’lon qildi / Foto: Trends

Birlashgan Arab Amirliklari 1-maydan boshlab OPEK va OPEK+ tarkibidan chiqishini rasman e’lon qildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Energetika vaziri Suhayl Muhammad al-Mazruyning aytishicha, ushbu qaror mamlakatning hozirgi va kelajakdagi energetika siyosati chuqur tahlil etilgach qabul qilingan.

BAA uzoq yillardan buyon OPEK a’zosi bo‘lib kelgan va tashkilotdagi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi. Uning chiqishi neft ishlab chiqaruvchilar guruhi uchun jiddiy yo‘qotish sifatida baholanmoqda. Qaror fonida Eron bilan bog‘liq mojaro sabab yuzaga kelgan energetik inqiroz va mintaqadagi kelishmovchiliklar ham tilga olinmoqda.

Hozirda Fors ko‘rfazidagi ishlab chiqaruvchilar Hormuz bo‘g‘ozi orqali eksport qilishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Mazkur hudud orqali odatda dunyo neftining muhim qismi tashiladi. Shu sababli BAA vakillari bu qaror qisqa muddatda bozorga katta ta’sir ko‘rsatmasligini bildirgan.

Foto: Reuters

Shu bilan birga, ayrim tahlilchilar ushbu qadam BAAga kelajakda neft qazib olish hajmini mustaqil oshirish va global bozor ulushini kengaytirish imkonini berishini ta’kidlashmoqda. Bu esa energiya ta’minoti taqchilligi kuzatilayotgan sharoitda muhim omil bo‘lishi mumkin.

Bu qanday tashkilot

OPEK — Neft eksport qiluvchi davlatlar tashkiloti (Organization of the Petroleum Exporting Countries) 1960-yilda Iroq poytaxti Bag‘dodda tashkil etilgan xalqaro hukumatlararo tashkilot bo‘lib, asosiy maqsadi jahon neft bozorida narxlarni barqarorlashtirish hamda a’zo davlatlar manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Tashkilot a’zolari dunyo neft zaxiralarining qariyb 3/4 qismini nazorat qiladi. Tashkilotning shtab-kvartirasi Avstriya poytaxti Vena shahrida joylashgan.

OPEKning asoschilari sifatida Eron, Iroq, Kuvayt, Saudiya Arabistoni va Venesuela davlatlari qayd etiladi. OPEK tarkibida 12 ta (BAAdan tashqari) a’zo davlat mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat: Jazoir, Angola, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Gabon, Eron, Iroq, Kuvayt, Liviya, Nigeriya, Saudiya Arabistoni va Venesuela. 2025-yil holatiga ko‘ra, OPEK bosh kotibi lavozimini Xaytam al-Gays egallab turibdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eron – AQSh mojarosi fonida neft narxlari yana oshgani haqida yozgan edik.