Yangiliklar

Ilon Mask X Money moliyaviy xizmatini ishga tushirmoqda

Tizim orqali pul saqlash, o‘tkazmalarni amalga oshirish va karta orqali to‘lov qilish mumkin bo‘ladi
Ilon Mask X Money moliyaviy xizmatini ishga tushirmoqda
Rasm SI yordamida yaratilgan

Ilon Mask yangi moliyaviy xizmat — X Money’ni yaqin kunlarda ishga tushirishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.

Yangi platforma X ekotizimining bir qismi bo‘ladi. Loyiha ijtimoiy tarmoqni to‘liq superilovaga aylantirish strategiyasiga kiradi. Unda muloqot, to‘lov va bank xizmatlari birlashtiriladi. Dastlab foydalanuvchilarga xizmatning erta kirish imkoniyati berilishi kutilmoqda. X Money orqali pul saqlash, o‘tkazmalarni amalga oshirish va karta orqali to‘lov qilish mumkin bo‘ladi.

Xizmat Visa kartalari bilan ishlashi rejalashtirilgan. Shuningdek, foydalanuvchilarga 3 foizgacha keshbek va hisobdagi mablag‘ uchun taxminan 6 foiz daromad taklif qilinishi mumkin. Biroq loyiha hali AQShda to‘liq ishga tushishga tayyor emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat 44 ta shtatda litsenziya olmagan. Bu esa keng ko‘lamli start muddatiga ta’sir qilishi mumkin.

Mask avvalroq X platformasi orqali foydalanuvchilar «moliyaviy hayotini to‘liq boshqarishi» mumkin bo‘lishini aytgan edi. Hozirda platformaning faol auditoriyasi 600 mln atrofida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tesla kompaniyasi kapital xarajatlarni oshirmoqchi bo‘lgani haqida yozgan edi.