
Indoneziya poytaxti Jakarta shahri yaqinidagi Bekasi hududida ikkita poyezd to‘qnashishi oqibatida 14 kishi halok bo‘ldi va yana 84 kishi jarohat oldi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Indoneziya davlat temir yo‘l kompaniyasi (PT KAI) rahbari Bobbi Rasyidinning ta’kidlashicha, dastlab shahar atrofida harakatlanuvchi poyezd temir yo‘ldagi taksi bilan to‘qnashgan, so‘ngra unga uzoq masofaga qatnovchi poyezd kelib urilgan.

Qidiruv-qutqaruv agentligi rahbari Muhammad Syafining ma’lum qilishicha, katta zarar ko‘rgan vagonlardan odamlarni olib chiqish bo‘yicha qutqaruv ishlari to‘liq yakunlangan.
Zarba asosan ayollar uchun mo‘ljallangan vagonga to‘g‘ri kelgan va qurbonlarning barchasi ayollardir. Qutqaruvchilar tirik qolganlar hamda jasadlarni olib chiqish uchun vagon metallarini uskunalar yordamida kesishga majbur bo‘lishgan.

Avariyada ishtirok etgan elektromobil Vyetnamning Vingroup kompaniyasiga qarashli Green SM Indonesia taksi xizmatiga tegishli ekani tasdiqlandi. Indoneziya prezidenti Prabovo Subianto Bekasidagi kasalxonaga tashrif buyurib, voqea yuzasidan to‘liq tergov o‘tkazishni buyurdi.

Shuningdek, u tirbandliklarni kamaytirish uchun temir yo‘l yaqinida yo‘l o‘tkazgich qurilishiga ruxsat berganini ma’lum qildi. Mamlakatning Milliy transport xavfsizligi qo‘mitasi (KNKT) hodisa sabablarini o‘rganishda davom etmoqda.

Indoneziyada quruqlikdagi transport avariyalari tez-tez uchrab turadi, xususan, 2024-yilda G‘arbiy Yava provinsiyasida yuz bergan poyezdlar to‘qnashuvi oqibatida 4 kishi halok bo‘lgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan poyezd kechiksa fuqaroga qancha kompensatsiya to‘lanishi haqida xabar bergan edi.