Yangiliklar

Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi to‘rt yilga qamaldi

Aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish va pora olish ayblovlari bilan
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimi to‘rt yilga qamaldi / Foto: Aa.az

Janubiy Koreyada mamlakat sobiq prezidenti Yun Suk Yolning rafiqasi, sobiq birinchi xonim Kim Kon Xi bilan bog‘liq sud ishi bo‘yicha yakuniy apellyatsiya qarori e’lon qilindi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.

Apellyatsiya sudi qaroriga ko‘ra, Kim Kon Xi aksiyalar narxini manipulyatsiya qilish va pora olish ayblovlari bo‘yicha to‘rt yil qamoq jazosiga hukm qilindi. Sud avvalgi instansiya qarorini qayta ko‘rib chiqib, uning bir qismi bo‘yicha oqlov hukmini bekor qildi.

Qayd etilishicha, u bir nechta treyderlar bilan birga Koreyada savdosi past bo‘lgan aksiyalar narxini sun’iy ravishda o‘zgartirishda ishtirok etgan. Shuningdek, Kim Unifikatsiya cherkovidan siyosiy manfaatlar evaziga umumiy qiymati taxminan 80 mln von ($54,2 ming) bo‘lgan Chanel sumkalari va Graff marjonini qabul qilgan.

Sud raisi bu holat bo‘yicha «Kim birinchi xonim sifatidagi mavqeyidan foydalangan va pora olgan, bu esa davlat boshqaruvidagi ishonchga putur yetkazgan», deya ta’kidladi. Sud shuningdek, unga 70 mln von ($47,3 ming) miqdorida jarima belgilab, marjonni musodara qilish haqida qaror chiqardi.

Kim 2025-yil avgustidan buyon hibsda saqlanmoqda. U ilgari ham 2022-yilgi qo‘shimcha saylov jarayoniga noqonuniy aralashish va aksiyalar bilan bog‘liq boshqa ayblovlar yuzasidan sudga tortilgan edi, biroq ayrim bandlar bo‘yicha oqlangan.

Sobiq birinchi xonim barcha ayblovlarni rad etmoqda va uning advokatlari apellyatsiya qarori ustidan Oliy sudga shikoyat qilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidentiga nisbatan yana bir suiqasd urinishi amalga oshirilgani haqida xabar bergan edik.