
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan «Muruvvat» internat uylari endilikda «G‘amxo‘rlik» markazlari deb qayta nomlanadi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga binoan, 2026-yil 1-sentabrdan 18 yosh va undan katta, chuqur darajadagi aqliy zaiflik tashxisi qo‘yilgan shaxslarni parvarish qilayotgan qonuniy vakillarga har oy nafaqa to‘lanadi. Bu to‘lov miqdori nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qilayotganlar uchun belgilangan nafaqa bilan teng bo‘ladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzurida nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi. Bu markaz xizmatlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2026-yil 1-maydan boshlab «G‘amxo‘rlik» markazlariga yangi toifadagi fuqarolar qabul qilinadi. Ular orasida maxsus komissiya xulosasiga ko‘ra joylashtiriladigan bolalar, qarindoshlari yo‘q yoki yashash sharoiti yaroqsiz bo‘lgan ruhiy kasalligi bor shaxslar hamda boshqa ehtiyojmand fuqarolar bor.
Markazlarda ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etiladi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar sport, ijodiy mashg‘ulotlar, mehnat va ijtimoiy terapiya orqali reabilitatsiya qilinadi. Shuningdek, «murabbiy kuzatuvida mustaqil yashash» xizmati yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim nogironligi bo‘lgan shaxslarni mustaqil hayotga tayyorlashga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri nogironligi bo‘lganlar uchun «Yangi kun» parvarish xizmati joriy etilishi haqida yozgan edi.