Xavfsizlik

Namanganda bank bosh yuriskonsulti pora bilan ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda
Namanganda bank bosh yuriskonsulti pora bilan ushlandi
Foto: DXX videosidan ekran tasviri

Namangan viloyatida banklardan birining bosh yuriskonsulti ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u 2021-yilda 16,2 mlrd so‘m kredit olgan xususiy tibbiy klinika bilan bog‘liq vaziyatdan foydalanishga uringan. Klinikaga tegishli garov mulklari auksionga chiqarilishi kerak bo‘lgan.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/04/video-2.mp4
Video: DXX

Gumonlanuvchi ushbu jarayonni 5–6 oyga kechiktirib berish va keyinchalik mulkni klinikaga qaytarishda yordam berishni va’da qilgan. Buning evaziga u $3 ming talab qilgan.

DXX hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u pulni olayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Hodisa joyida pul mablag‘lari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi ochilib, hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoroda qariyb 1 tonna noqonuniy spirt savdosi fosh etilgani haqida yozgan edi.