Yangiliklar

Qashqadaryo va Andijonda 1 milliard so‘mdan ortiq suyultirilgan gaz talon-toroj qilindi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi
Qashqadaryo va Andijonda 1 milliard so‘mdan ortiq suyultirilgan gaz talon-toroj qilindi / Foto: Bosh prokuratura departamenti

Qashqadaryo va Andijon viloyatlarida 1 milliard so‘mdan ortiq suyultirilgan gaz talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura departamenti ma’lum qildi.

Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda «Dehqonobodtuman gaz» gaz ta’minoti bo‘limi moddiy javobgar xodimlari 337 nafar fuqaro nomiga ID-kartalar ochib, 143 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgani haqidagi ma’lumotlarni elektron tizimga kiritish orqali 529,8 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlangan.

Shuningdek, Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Xo‘jaobodtuman gaz» bo‘limi xodimi aholi uchun ajratilgan 19 dona gaz ballonini boshqa shaxslarga sotish maqsadida olib ketayotgan vaqtida ushlangan. Tekshiruvlar davomida 2025-yil oktabr oyida 10 ta MFYda yashovchi aholiga 81,5 tonna gaz tarqatilgani haqida soxta hujjatlar rasmiylashtirilib, 428 mln so‘m talon-toroj qilingani ham aniqlangan.

Yana bir holatda «Baliqchi tuman gaz» filialida 34 dona maishiy gaz balloni fuqarolarga sotilayotgan vaqtda xodimlar qo‘lga olingan. Tekshiruv davomida ushbu filialda jami 23,92 tonna suyultirilgan gaz 107,6 mln so‘mga noqonuniy sotib yuborilgani qayd etilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilgan edi.