Yangiliklar

Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga munosabat bildirdi

Qirg‘iz tomoni bu qarorni tushunarsiz deb baholagan
Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga munosabat bildirdi
Foto: Depositphotos

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga munosabat bildirdi. Rasmiy Bishkek bayonotida qayd etilishicha, Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan 20-sanksiya paketi doirasida Qirg‘iziston yuridik shaxslariga ham cheklovlar qo‘llanmoqda.

Qirg‘iz tomoni bu qarorni tushunarsiz deb baholagan. Ta’kidlanishicha, so‘nggi davrda Yevropa Ittifoqi bilan muntazam muzokaralar o‘tkazilgan, zarur hujjatlar o‘z vaqtida taqdim etilgan. Shunga qaramay, Bishkekning pozitsiyasi inobatga olinmagan.

Rasmiy bayonotda bunday bir tomonlama qarorlar o‘zaro ishonchga putur yetkazishi aytildi. Shuningdek, bu holat Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bilan hamkorlikni kengaytirish haqidagi bayonotlariga zid ekani qayd etildi.

Qirg‘iziston xalqaro huquq normalariga sodiq qolishini yana bir bor tasdiqladi. Mamlakat barcha majburiyatlarni milliy qonunchilik doirasida bajarib kelayotganini bildirdi.

Shu bilan birga, Bishkek uchinchi davlatlarga nisbatan bir tomonlama sanksiyalar qo‘llanishi amaliyotidan xavotir bildirdi. Qirg‘iz tomoni Yevropa Ittifoqini ochiq va konstruktiv muloqotga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ikkita O‘zbekiston kompaniyasi YI sanksiyalar ro‘yxatiga tushgani haqida yozgan edi.