
Shveysariyada sud Gulnora Karimovaga nisbatan ochilgan jinoyat ishini vaqtincha to‘xtatdi. Qaror 28-aprel kuni qabul qilingan, deya xabar bermoqda SRF portali.
Sudya qarorini gumonlanuvchi sud jarayonida ishtirok eta olmasligi bilan izohlagan. Gulnora Karimova hozirda O‘zbekistonda jazoni o‘tamoqda va mamlakatni tark etish imkoniga ega emas. Avvalroq uning advokati ham aynan shu sabab bilan sudda qatnasha olmayotganini bildirgan edi.
Shu bois sud ishni davom ettirish imkonsiz deb topdi. Biroq bu ish butunlay yopilgani anglatmaydi. Sud qayd etishicha, yetarli dalillar to‘plansa, Karimovaga tegishli aktivlar musodara qilinishi mumkin. Shveysariya tomoni uchun asosiy maqsad jazolash emas, balki noqonuniy mablag‘larni aniqlash va ularni qaytarishdan iborat ekani ta’kidlanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Karimova «Ofis» deb nomlangan sxema orqali faoliyat yuritgan. Ushbu tizim orqali xorijiy telekommunikatsiya kompaniyalari O‘zbekistonda ishlash uchun pora bergani aytiladi. Ish doirasida bank tizimi vakillari ham tilga olingan. Jumladan, Lombard Odier bankining sobiq xodimi hisob raqamlarini ochishda va mablag‘lar manbasini yashirishda yordam berganlikda gumon qilinmoqda.
Hozirda mazkur ish yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda. Shveysariya rasmiylari noqonuniy aktivlarni qaytarish bo‘yicha choralarni davom ettirishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Gulnora Karimova ishi Shveysariyada sud bosqichiga o‘tgani haqida yozgan edi.