
Volkswagen Xitoy bozorida yangi Volkswagen ID. Era 9X modelini rasman taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Avtomobil narxi 309 ming yuandan boshlanib, 359 ming yuangacha yetadi, bu taxminan $45 mingdan $52 minggacha degani. Yangi model to‘liq o‘lchamli segmentga kiradi. Uning uzunligi 5,2 metrni tashkil etadi. Model Germaniyaning Volkswagen kompaniyasi va Xitoyning SAIC hamkorligida ishlab chiqilgan. Bu krossover, asosan, Xitoy bozori uchun mo‘ljallangan.
Dizayn

ID. Era 9X zamonaviy dizayn bilan ajralib turadi. Old qismida yopiq panjara va LED yoritilgan logotip mavjud. Avtomobil aerodinamik jihatdan takomillashtirilgan bo‘lib, qarshilik koeffitsiyenti 0,253 Cd ni tashkil etadi.
Salon keng va texnologiyalarga boy. Avtomobil 6 o‘rindiqli 2+2+2 konfiguratsiyada taklif qilinadi. Ichkarida bir nechta katta ekranlar, jumladan, 15,6 dyuymli displeylar va head-up displey mavjud. Orqa yo‘lovchilar uchun ham alohida ekranlar o‘rnatilgan.

Qulaylikka katta e’tibor berilgan. O‘rindiqlar massaj, isitish va ventilyatsiya funksiyalariga ega. Avtomobilda 27 ta karnayli audio tizim, ambient yoritish va hatto ichki sovitkich ham mavjud. Texnik jihatdan model EREV turiga kiradi. Ya’ni, unda 1,5 litrli dvigatel generator vazifasini bajaradi. Asosiy harakat elektr motorlar orqali amalga oshadi. Avtomobil to‘liq uzatmali bo‘lib, maksimal quvvati 510 ot kuchiga yetadi.

Elektr yurish zaxirasi 347 – 406 km atrofida. Umumiy yurish masofasi esa 1600 kmdan oshadi. 800 voltli tizim tufayli batareya 16,5 daqiqada 10 foizdan 80 foizgacha quvvatlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Volkswagen ikkita yangi elektromobilini taqdim etgani haqida yozgan edi.