Banklar va moliya

2026-yilda xomashyo narxlari keskin oshadi — Jahon banki

Umumiy narx indeksi bu yil taxminan 16 foizga oshadi
Jahon banki urushdan zarar ko‘rgan davlatlarga $100 milliardgacha mablag‘ ajratadi
Foto: World Bank

Jahon banki prognoziga ko‘ra, 2026-yilda xomashyo narxlari so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng yuqori darajaga chiqadi. Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, umumiy narx indeksi bu yil taxminan 16 foizga oshadi.

Hisobotda aytilishicha, bu o‘sish energiya va o‘g‘it narxlarining keskin qimmatlashuvi bilan bog‘liq. Yaqin Sharqdagi mojaro va Hormuz bo‘g‘ozining yopilishi global bozorlarga kuchli zarba bergan. Bu hudud orqali ilgari dunyo dengiz orqali tashiladigan neftining qariyb uchdan bir qismi o‘tgan.

Jahon banki bosh iqtisodchisi Indermit Gillning aytishicha, urush global iqtisodiyotga bosqichma-bosqich ta’sir qiladi. Avval energiya narxlari oshadi, keyin oziq-ovqat qimmatlashadi, oxirida esa inflyatsiya kuchayadi.

Prognozga ko‘ra, energiya narxlari indeksi bu yil 24 foizga oshadi. Brent neftining o‘rtacha narxi $86 atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu oldingi bahodan ancha yuqori.

Shuningdek, o‘g‘it narxlari ham 31 foizga oshishi mumkin. Bu esa fermerlar daromadiga salbiy ta’sir qilib, hosil hajmini kamaytirishi ehtimoli bor. Natijada oziq-ovqat narxlari yanada ko‘tarilishi mumkin.

Mutaxassislar ogohlantirishicha, agar neft narxi $100 dan yuqori bo‘lib qolsa, dunyo bo‘yicha yana 45 mln odam oziq-ovqat tanqisligiga duch kelishi mumkin. Eng katta zarba esa daromadining katta qismini oziq-ovqat va yoqilg‘iga sarflaydigan aholiga tegadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaqin Sharqdagi keskinlik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi haqida ekspertlar fikri o‘rganilgandi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi Ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari doktori Ikboljon Kasimovning Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, Isroil – Amerika va Eron o‘rtasidagi keskinlik O‘zbekistonga yonilg‘i, transport tannarxi, import narxlari va valyuta kutilmalari orqali ta’sir qiladi.