Yangiliklar

Eron AQShdan Hormuz blokadasini ochishni so‘ramoqda — Tramp

Taklifga ko‘ra, bo‘g‘oz urush tugasa va AQSh blokadani olib tashlasa ochilishi mumkin
Eron AQShdan Hormuz blokadasini ochishni so‘ramoqda — Tramp
Foto: Unsplash

Eron AQShdan Hormuz bo‘g‘oziga qo‘yilgan blokadani tezroq bekor qilishni so‘ramoqda. Bu haqda Donald Tramp 28-aprel kuni Truth Social tarmog‘ida yozdi.

Unga ko‘ra, Eron hozir og‘ir holatda va bo‘g‘ozni ochishni istamoqda. Tramp kim orqali murojaat qilinganini aniqlashtirmadi. Avvalroq AQSh milliy xavfsizlik kengashi Eronning yangi taklifini muhokama qilgan. Taklifga ko‘ra, bo‘g‘oz urush tugasa va AQSh blokadani olib tashlasa ochilishi mumkin. Ayni paytda vositachilar yaqin kunlarda Eron yangilangan reja taqdim etishini kutmoqda.

Shell plc esa vaziyat jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi. Kompaniya rahbari Vayel Savan neft va gaz tanqisligi bir necha oy, hatto 2027-yilgacha davom etishi mumkinligini aytdi.

Unga ko‘ra, oxirgi oylarda qariyb 900 mln barrel neft ishlab chiqarilmagan. Bu esa, asosan, zaxiralar hisobiga qoplangan, ammo ular ham kamayib bormoqda.

Bozor ham bu xabarlarga keskin reaksiya bildirdi. Brent markali neft narxi 28-aprel kuni qariyb 2,7 foizga oshib, $111 atrofida savdolashdi. Ayrim paytlarda narx $112 dan ham oshdi. WTI nefti esa deyarli 4 foizga ko‘tarilib, $100 ga yaqinlashdi.

Ma’lumot uchun, AQSh 13-aprel kuni Hormuz bo‘g‘oziga blokada joriy etgan edi. Bu yo‘l orqali urushgacha dunyo neft va gazining qariyb 20 foizi tashilardi. Bo‘g‘oz yopilishi so‘nggi o‘n yillikdagi eng yirik energetik inqirozlardan birini keltirib chiqardi.

Eron esa bo‘g‘ozda minalar joylashtirilganini bildirgan. AQSh rasmiylariga ko‘ra, ularni to‘liq tozalash 6 oygacha vaqt olishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron – AQSh mojarosi fonida neft narxlari yana oshgani haqida yozgan edi.