Yangiliklar

Google Translate yangi talaffuz mashqi funksiyasini ishga tushirdi

20 yilligi munosabati bilan
Google Translate yangi talaffuz mashqi funksiyasini ishga tushirdi / Foto: Vietnam.vn

Google Translate 20 yilligi munosabati bilan yangi talaffuz mashqi funksiyasini joriy qildi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.

Yangi funksiya Android platformasidagi ilovada bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda. Hozircha u AQSh va Hindistonda ingliz, ispan va hind tillari uchun mavjud. Ushbu imkoniyat sun’iy intellekt asosida foydalanuvchi nutqini tahlil qilib, to‘g‘ri talaffuz qilish bo‘yicha tezkor tavsiyalar beradi.

Kompaniyaning ma’lum qilishicha, sun’iy intellekt texnologiyalari murakkab iboralar, mahalliy slang va tilning nozik jihatlarini aniqlashda qo‘llanilmoqda. «Practice» funksiyasidan foydalanuvchilar real hayotdagi muloqotga tayyorgarlik ko‘rish va erkin gapirish ko‘nikmasini rivojlantirish uchun foydalanmoqda.

https://uz.kursiv.media/wp-content/uploads/2026/04/gsmarena_001.mp4
Video: GSM Arena

Mazkur xizmat 2006-yilda oddiy tajriba sifatida ishga tushirilgan bo‘lib, hozirgi kunda taxminan 250 ta tilni qamrab oladi. Shuningdek, 60 mingdan ortiq til juftliklari bo‘yicha tarjima imkonini berib, dunyo aholisining qariyb 95 foizini qamrab oladi. Eng ko‘p foydalaniladigan yo‘nalish ingliz tilidan ispan tiliga tarjima bo‘lib, eng ko‘p tarjima qilinadigan ibora «rahmat» hisoblanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Google Translate’dan har oy 1 milliarddan ortiq foydalanuvchilar foydalanadi va xizmat orqali oyiga 1 trilliondan ortiq so‘z tarjima qilinadi. Shu munosabat bilan kompaniya eng ko‘p so‘ralgan funksiyalardan biri – talaffuzni mashq qilish imkoniyatini joriy etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Maps’da fotosurat va videolarni ulashish osonlashgani haqida yozgan edik.