
O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan boshlanadi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi 18-mayga qadar har kuni mamlakatdan Saudiya Arabistoniga aviareyslar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Bunda ziyoratchilar Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch aeroportlaridan Madina shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri uchadi. Hajga olib borish FlyAdeal aviakompaniyasi tomonidan, qaytish esa Uzbekistan Airways orqali tashkil etiladi.
Hozirda ziyoratchilarni safarga tayyorlash ishlari yakunlanmoqda. Ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, zarur emlashlar qilindi. Haj vizalari va boshqa hujjatlar rasmiylashtirildi. Guruh rahbarlari biriktirilib, safar oldi tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, har bir ziyoratchiga zarur buyumlar berilmoqda. Saudiya Arabistonida esa ishchi guruhlar mehmonxonalar va ibodat joylarida sharoitlarni tayyorlash ustida ishlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda Qurbon hayiti sanasi ma’lum qilingandi. Qurbon hayiti islom dinidagi eng muhim bayramlardan biri hisoblanadi. Uning sanasi har yili o‘zgarib turadi, chunki u hijriy oy taqvimiga asosan belgilanadi. Bayram haj ibodatining yakunlanishini bildiradi. Shu kuni musulmonlar qurbonlik qiladi, muhtojlarga yordam beradi va xayriya ishlarini amalga oshiradi.