
O‘zbekistonda jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar toifasi yangi qonun asosida kengaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
2026-yil 17-apreldan kuchga kirgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, amaldagi bir qator qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ushbu o‘zgartirishlar jamoat transportidan bepul foydalanish imtiyozlari doirasini kengaytirishni nazarda tutadi.
Xususan, «Shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanishni tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan tuzatishga ko‘ra, 1941 – 1945-yillardagi urush nogironlariga berilgan imtiyozlar endilikda ularga tenglashtirilgan shaxslarga ham tatbiq etiladi. Bu esa mazkur toifadagi fuqarolarning ham jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lishini anglatadi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan ko‘zi ojiz shaxslar uchun ham mavjud imtiyoz kengaytirildi. Unga ko‘ra, endilikda I guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ularga hamrohlik qiluvchi bir nafar shaxs ham jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro shahriga 24 ta zamonaviy avtobus olib kelingani haqida yozgan edik.