
Janubiy Koreyada apellyatsiya sudi sobiq prezident Yun Suk Yolga 2024-yilda e’lon qilingan harbiy holat bilan bog‘liq ish yuzasidan tayinlangan qamoq muddatini oshirdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, Yun Suk Yolga berilgan 5 yillik qamoq jazosi qayta ko‘rib chiqilib, yangi hukm bilan 7 yilga yetkazildi. Apellyatsiya sudi uni qo‘shimcha ayblovlar bo‘yicha ham aybdor deb topgan. Jumladan, prezident xavfsizlik xizmatini hokimiyat organlarining uni hibsga olishiga to‘sqinlik qilish uchun safarbar qilish holati qayd etilgan.
Sudda ta’kidlanishicha, hibsga olish qarorini kuch ishlatish orqali to‘xtatishga urinish qonun ustuvorligi tamoyillariga zid hisoblanadi. Shuningdek, sobiq prezidentga rasmiy hujjatlarni soxtalashtirish va harbiy holat joriy etish bo‘yicha belgilangan qonuniy tartiblarni buzish ayblovlari ham qo‘yilgan.
Mazkur ish harbiy holatga urinish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqish uchun tashkil etilgan maxsus sud bo‘linmasida ko‘rib chiqilgan va jarayon televideniye orqali ham namoyish qilingan. Prokuratura esa unga 10 yil qamoq jazosi berilishini so‘ragan bo‘lib, davlat ishonchini suiiste’mol qilish va konstitutsiyaviy tuzumga zarar yetkazishda ayblagan.
Yun Suk Yol o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etib kelmoqda va uning himoyachilari apellyatsiya sudining qarorini Oliy sudga shikoyat qilishlarini bildirgan. Ular sud qarorini «tushunarsiz» deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yun Suk Yolning rafiqasi, sobiq birinchi xonim Kim Kon Xi bilan bog‘liq sud ishi bo‘yicha yakuniy apellyatsiya qarori e’lon qilingan edi. Sud qarori bilan sobiq birinchi xonim to‘rt yilga qamaldi.