
Lynk & Co kompaniyasi tomonidan Xitoyda Lynk & Co 900 avtomobilining yangi versiyasi taqdim etildi. Bu haqda CarNewsChina nashr xabar bermoqda.
Model vaqtinchalik chegirma bilan 254,8 ming yuan ($37,3 ming)dan sotilmoqda. Standart narx esa 299,8 mingdan 345,8 ming yuangacha ($43,9 – 50,7 ming)ni tashkil etadi. Yangi versiya o‘tgan yil taqdim etilgan 6 o‘rindiqli modeldan farqli ravishda oilaviy qulaylik va yuk sig‘imiga ko‘proq urg‘u beradi. Ikkinchi qatorda oyoq uchun keng joy ajratilgan.

Bagaj hajmi 1 030 litrni tashkil etadi. Orqa o‘rindiqlar bukilganda esa 1 215 litrgacha kengayadi. Qo‘shimcha 80 litr yashirin joy ham mavjud. Bu model uzoq safarlar uchun qulay hisoblanadi. Salon texnologiyalariga ham katta e’tibor berilgan. Avtomobil 30 dyuymli 6K markaziy ekran, orqa yo‘lovchilar uchun yana 30 dyuymli displey va 95 dyuymli AR-HUD tizimi bilan jihozlangan. Tizim Snapdragon 8295 protsessori asosida ishlaydi.

Texnik jihatdan model 1.5T va 2.0T gibrid tizimlar bilan taklif etiladi. Eng kuchli versiya 540 kVt quvvat ishlab chiqaradi. 0 dan 100 km/soatgacha 4,6 soniyada tezlashadi. Maksimal tezlik 240 km/soatga yetadi. Batareya CATL tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, sig‘imi 52,38 kVt/soatni tashkil etadi. 20 foizdan 80 foizgacha zaryadlash 17 daqiqa vaqt oladi.
Model elektr rejimida 280 km masofani bosib o‘tadi. Umumiy yurish zaxirasi esa 1 363 km ga yetadi. Bu segment uchun juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Xavfsizlik va avtopilot tizimlari ham kuchli. Avtomobilda 29 ta sensor mavjud. Ular orasida lidar, radarlar, kameralar va ultratovush datchiklari bor. Tizim Nvidia platformalari asosida ishlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nio Onvo L80 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.